Nasriddin tabibning huzuriga kelib, tomirini ko'rib qo'yishini iltimos qildi-da, qo'shib qo'ydi: - Keyin qanday kasalim borligini ayting. - Siz bor-yo'g'i ochsiz, dedi tabib, hozir tushki ovqat payti, mening mehmonim bo'ling. Ular birgalikda ovqatlanib bo'lishgach, Nasriddin uyiga keta turib, tabibga dedi: - Sizning qo'lingiz judayam yengil ekan, meni bir pasda tuzatib qo'ydingiz. Uyimda yana bir necha kishi xuddi shunday kasallik bilan og'rigan. Ularni ham sizning oldingizga yuboraman.