Shanba, 20.04.2024, 18:10
Assalomu aleykum, Mehmon | RSS
Asosiy | A'zo bo'lish | Kirish
Jurnalistlar sayti
Yangiliklar
O'zbekiston xabarlari
Yurtimizda ro'y berayotgan voqealar tafsiloti
Xorij xabarlari
dunyoda sodir bo'layotgan voqealar...
Sport
Yurtimiz va xorij sporti xabarlari...
KIRISH
Taqvim
«  May 2009  »
DuSeChorPayJuShanYak
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
25262728293031
Qidiruv
Друзья сайта

 

Asosiy » 2009 » May » 17 » 18 may – Xalqaro muzeylar kuni
18 may – Xalqaro muzeylar kuni
22:09
Muzeylar har bir xalq tarixi, madaniyati, turmush tarzi, milliy an’ana va qadriyatlarini o’rganish, ularni targ’ib etish va kelgusi avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Prezidentimiz Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida ta’kidlanganidek, har qaysi xalq yoki millatning ma’naviyatini uning tarixi, o’ziga xos urf-odat va an’analari, hayotiy qadriyatlaridan ayri holda tasavvur etib bo’lmaydi. Bu borada, tabiiyki, ma’naviy meros, madaniy boyliklar, ko’hna tarixiy yodgorliklar eng muhim omillardan biri bo’lib xizmat qiladi.

Yurtboshimiz tashabbusi bilan buyuk ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini asrab-avaylash, yosh avlodni ularning munosib vorislari etib tarbiyalash, aholi o’rtasida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish borasida keng qamrovli ishlar qilinmoqda. Xususan, muzeylar faoliyatini takomillashtirish, ularni haqiqiy ma’noda xalqimiz ma’naviyatini yorqin aks ettiruvchi ma’rifat maskanlariga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar e’tiborga molikdir.

Prezidentimizning 1998 yil 12 yanvarda qabul qilingan “Muzeylar faoliyatini tubdan yaxshilash va takomillashtirish to’g‘risida“gi farmoni bu borada dasturilamal bo’lib xizmat qilmoqda. 2008 yilda O’zbekiston Respublikasining «Muzeylar to’g‘risida»gi qonuni qabul qilinishi soha rivojida yana bir muhim qadam bo’ldi. 

Bugungi kunda mamlakatimizda turli yo’nalishda 1200 dan ortiq muzey faoliyat ko’rsatmoqda. Istiqlol yillarida bunyod etilgan Temuriylar tarixi davlat muzeyi, “Qatag’on qurbonlari xotirasi” muzeyi, Termiz Arxeologiya muzeyi singari dargohlar xalqimizning ulkan bunyodkorlik va ma’naviy salohiyatini namoyon etib turibdi. 

«Afrosiyob» muzeyi 2750 yildan ziyodroq tarixga ega Samarqand shahrining boy o’tmishi, madaniyatidan hikoya qiladi. Mazkur muzeyda asosan qadimiy Afrosiyob tepaliklarida olib borilgan arxeologik qazishmalar chog’ida topilgan noyob ashyolar saqlanmoqda.

– Muzey binosining birinchi qavatida eramizdan avvalgi VIII asrdan milodiy VIII asrgacha bo’lgan davrga tegishli sopol buyumlar, tosh qurollar, mis tangalar, shaharsozlik namunalari va boshqa arxeologik ashyolar davrlarga bo’lingan holda joylashtirilgan, – deydi mazkur muzey direktori Samariddin Mustafoqulov. – Ular orasida Samarqand shahrining 2750 yillik yoshini aniqlashda muhim o’rin tutgan, zaminimizdagi qadimiy shaharsozlikdan guvohlik beruvchi g’ishtlar, eramizdan avvalgi VIII-VII asrlarga tegishli xum va har xil suratlar solingan sopol bo’laklari, ayniqsa, katta ilmiy qimmatga ega. 

Shuningdek, ilk temir davriga oid sopol idish parchalari, Sartepa xarobalaridan topilgan xumdon maketi, metall ishlab chiqarishda keng qo’llanilgan tosh qurollar va qoliplar, qora granitdan yasalgan o’g‘ir, mis tangalar, poyustun, otashparastlar mehrobi, tegirmon va tarozi toshlari, so’g‘d va sosoniylar tangalari, Buyuk ipak yo’lining xaritasi va boshqa eksponatlar ham shahar tarixiga oid noyob manbalar hisoblanadi. 

Muzeyning eng nodir eksponatlari orasida So’g‘d hukmdori Varxuman saroyidan topilgan devor suratlarining alohida o’rni bor. 1965 yilda topilgan ushbu devoriy suratlar muzey zaliga ko’chirilib, 1985 yildan buyon namoyish etilmoqda. Ularda hukmdorning Chag’oniyon, Shosh, Xitoy va Choson (Koreya)dan kelgan elchilarni qabul qilish marosimi, to’y tantanalari, ov manzaralari aks etgan. Bu xalqimiz madaniyati va davlatchiligi tarixi, yurtimiz hududida yo’lga qo’yilgan xalqaro munosabatlar nechog’li qadimiyligidan dalolat beradi. 

Samarqand shahrining 2750 yilligi arafasida muzey qayta ta’mirlanib, yangicha qiyofa kasb etdi. Ayni paytda muzey fondida 20 mingdan ziyod eksponat mavjud bo’lib, ularning 2 mingdan ortig’i ekspozitsiya zallaridan o’rin olgan. 

Bugungi kunda Qoraqalpog’iston Respublikasida ham ana shunday ulkan ma’naviyat maskanlari faoliyatini takomillashtirish, ularni noyob eksponatlar bilan boyitish borasida keng qamrovli ishlar qilinmoqda. Ayni paytda Orolbo’yida ikkita davlat muzeyi, bitta uy-muzeyi va 10 ga yaqin jamoatchilik muzeylari faoliyat ko’rsatmoqda. 

Nukus shahridagi Qoraqalpog’iston Davlat o’lkashunoslik muzeyida ham keyingi yillarda eksponatlar soni ko’payib, uning faoliyat doirasi kengayib bormoqda. Ushbu dargoh Orolbo’yi xalqlarining tarixi, hayot tarzi, an’ana va urf-odatlaridan guvohlik beruvchi 60 mingga yaqin osori-atiqalar, tarixiy ashyolar, tarixiy hujjatlar, qo’lyozmalar, madaniyatimiz durdonalarini o’z ichiga olgan.

Muzeyda turli mavzularda va muhim tarixiy sanalarga bag’ishlab ko’rgazmalar tashkil etish, xotira kechalari o’tkazish yaxshi an’anaga aylangan. Muzey xodimlari tomonidan o’quvchilar, talaba-yoshlar orasida o’lkamiz tarixi, madaniy boyliklari, turfa tabiati haqida keng targ’ibot ishlari, xususan, “Qushlar kuni”, “Tarixiy yodgorliklarni asraylik”, “Orol muammolari” deb nomlangan seminar mashg’ulotlari muntazam o’tkazib turiladi. 

O’zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog’iston bo’limi bilan hamkorlikda oyda bir marta oliy o’quv yurtlari talabalarining muzeyda darslarini o’tkazish yo’lga qo’yildi. Maktab o’quvchilari uchun muzey qoshida “Yosh o’lkashunoslar” to’garagi faoliyat olib bormoqda. 

– Yurtboshimizning xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga qaratayotgan ulkan e’tibori muzeylarimiz faoliyatini jonlantirishda ham muhim o’rin tutmoqda, – deydi muzey direktori Svetlana Nurabullayeva. – Mamlakatimiz miqyosida o’tkazilayotgan turli tanlovlar va xalqaro festivallarda faol ishtirok etyapmiz. Muzeyimiz 2006 yilda Qarshi shahrida bo’lib o’tgan xalqaro muzeylar festivalida birinchi darajali diplom bilan taqdirlangan bo’lsa, 2007 yili Marg’ilon shahrining 2000 yilligi munosabati bilan o’tkazilgan xalqaro muzeylar festivalida “Eng yaxshi saqlangan eksponatlar” nominatsiyasi bo’yicha mukofotni qo’lga kiritdi.

Vatanimiz tarixi, xalqimizning bebaho madaniy merosi haqida hikoya qiluvchi bunday ziyo maskanlarini chekka-chekka qishloqlarda ham uchratish mumkin. Namangan viloyati Namangan tumanidagi Sho’rqo’rg’on qishlog’ida faoliyat ko’rsatayotgan “Istiqlol” muzeyi bunga misol bo’la oladi.

2000 yilda tashkil etilgan ushbu muzey o’tgan yillar mobaynida turli noyob eksponatlar bilan boyib, kengayib bordi. Muzeyning “Qadriyatlarimiz qalbimizda”, “Xalq amaliy san’ati”, “Qadimgi uy-ro’zg’or buyumlari”, “Misgarlik san’ati”, “Sopol ko’zagarligi”, “Kasanachilik”, “Tasviriy oyina”, “O’zbekona uy”, “O’zbek milliy liboslari” kabi bo’limlaridan besh mingdan ziyod noyob hujjatlar, yodgorliklar, tarixiy buyumlar, qimmatli qo’lyozmalar joy olgan. 

Muzeyda O’rxun yozuvidagi turkiy bitiklar tushirilgan qadimiy mis patnis, o’rta asrlarga oid kulolchilik namunalari, xalqimizning madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy, maishiy hayoti, hunarmandchiligi, milliy urf-odatlari haqida ma’lumot beruvchi buyumlar, milliy liboslar saqlanmoqda.
O'zA
Прикрепления: Rasm 1
Категория: O'zbekiston xabarlari | Просмотров: 8033 | Добавил: Dilnoz | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ A'zo bo'lish | Kirish ]
Sayt bo'limlari
So'rovnoma

Qayerda ishlashni xohlar edingiz?

Barcha ovozlar: 85
Statistika

Onlaynda: 1
Mehmonlar: 1
Foydalanuvchilar: 0

Erpolat Utepbergenov © 2024 |