Guruhimiz a’zolari tomonidan bir ovozdan saylangan “Xalqaro jurnalist” gazetasining bu galgi bosh muharriri menga “Oliy ta’lim sohasida kadrlar yetishmovchiligi” mavzusida muammoli maqola yozishimni buyurdi. To`g`risi aynan mendan so`ralgan sohadagi muammolar bilan unchalik tanish emasman. Qancha urinmay, yozolmasligimni tushunishimga ko`p vaqt kerak bo`lgani yo`q. Men aslida hamma ko`rib turgan, lekin ularga ko`pchilk ham e’tiborini qaratmaydigan, vaqti kelib katta masalalardan biriga (salbiy jihatdan) aylanishi mumkin bo`lgan hodisalar haqida yozgim kelgandi. Qaysarligim tutib, mana maqolani boshlab ham yubordim. O`zimni tanishtirsam. Respublikamizdagi “prestijniy” ta’lim dargohlaridan birida o`qiyman! Fakultetimizda talabalar ikki guruhga bo`linishadi. Birinchisi, “ikki kemaning boshini tutishga” harakat qilayotgan yuzlab talabalar. Men ham ulardan biriman! O`qishim yaxshi! Ishim undan ham yaxshi! O`quv yili davomida deyarli qiynalmayman. (Yil davomida ikki marta bo`ladigan sessiya “deyarli” so`zini ishlatishga majbur qiladi) Endi o`zingiz tushunasiz, ba’zi hollarda darsga kirmasdan ishga borishga to`g`ri keladi. Dekanatdagi daftarchaga, domlaning jurnaliga “NB” tushadi. Mana shundan so`ng aslida hammasi boshlanadi. Sessiyada bizning “NB”lar soni nechtaligiga qarab baho qo`yiladi. Fanni yaxshi bilishingiz, darsda o`tilgan mavzularni ozingizning tajribangizda sinab ko`rganingiz ahamiyatsiz. “Darsda bo`lmagan bo`lsangiz, fanni qanday qilib o`zlashtirishingiz mumkin?”-deyishadi-da, zachyotkaga 72ga hech ham yetolmaydigan 3 yoki xursand qilib 72 bilan qaltiragan 4 baho qo`yishadi. Endi sizlarga dugonamni tanishtirsam. U fakultetdagi talabalarning ikkinchi, ya’ni “tankalar” guruhiga “a’zo bo`lgan”. Kimsan Falonchi Pismadonchiyevning qizi! U hech qayerda ishlamaydi. Ishlashning nima keragi bor, hali ish uchun vaqtim ko`p bo`ladi deydi. Aslida darsga nima uchun kelib ketayotganini o`zi ham bilmasa kerak deb o`ylab qolaman. Ertalab keladi, ma’ruzalarda hamma kabi konspektlarni to`liq yozadi. Lekin shu yozgan narsasini seminar darslarda qani edi gapirib bera olsa. Seminarda “baliqqa” aylanadi, qoladi. Eh, dugonajon, nima uchun o`qiyapsan axir degan savolimga, qisqa va lo`nda qilib, “Uyimda hamma institutni tamomlagan, men o`qimasam uyat bo`ladi” deydi. Tavba… ko`chadagilardan, uyidagilardan uyalarmish… lekin uning o`rnida bo`lishi mumkin bo`lgan, u sababli o`qishga kirolmagan, vaqti kelib o`z sohasining yaxshi mutaxassisi bo`lishi mumkin bo`lgan o`z tengdoshidan-chi uyalmaydimi? “Hali ishlayman-mi yo`qmi, turmushga chiqsam, “diplom”ni ham yozdirarman”…!!! Bu gaplarga qanday qilib bardosh berish mumkin…. Lekin shunga qaramay, u hammadan yaxshi baho oladi va bu narsa hech kimni hayratlantirmaydi. U hamma darslarga kelgan, “NB”si umuman yo`q! domlani va uning darsini judayam hurmat qilgani uchun bu “baliq xonimchaga” 90 bilan 5 qo`yishadi. Agar qo`ymasa… Yog`e jumlani noto`g`ri yozdim. Qo`ymayman desa ham, baribir qo`yib beradi. Chunki ayni sessiya mahali dekanatning telefoni jiringlayverib, qo`ng`iroqqqa javob berayotgan qizlar esa dekanni chaqiraverib charchagan bo`ladi. Shundan so`ng, domlalarning boshi qotadi… bu bor bo`lgur vedomostni kim chiqaribdi-a?! haqqoniylikni kuchaytiraman deb, aldashni kuchaytirib yuborishmadimikin? Endi Falonchi Pismadonchiyevning naq o`zi telefon qildi-ya, iltimosini yerda qoldirsa yaxshi bo`lmas, mayli o`zgartirsak o`zgartira qolamiz… Mana shunaqa gaplar. Fakultetimizning talabalari bilan tanishib ham oldingiz. Bunday talabalardan har bir o`quv yurtida bor deb qo`rqmay yoza olaman. Chunki bir domlamizning gapi bor: “- Talaba zoti bor ekanki, ularning bari bir xil bo`ladi”!!! naqadar purma’no gap! Muharririm talab qilgan, o`sha mavzuning bosh nuqtasi mani shu yerda boshlanadi. Nima uchun o`z sohasining yetuk mutaxassisi bo`lgan kadrlar yetishmayapti degan savolga javobni topish uchun ko`p boshqotirish shart emas! Bugun darsga kelgandim, kursdoshlarim fakultetimizdagi kichkinagina oshxonaga yuguryapti. Quvonib ketdi, kelinoyi (oshxona egasi) yangi taom pishiribdilarmi deb. O`sha dugonamni to`xtatib so`rasam, daftar olgani ketayotgan ekan. Demak, yozma ish bo`ladi. Men sizga hikoya qilgan voqealar yana boshlanadi… Afsus… Dilnoza Toshkandiy