Payshanba, 25.04.2024, 06:46
Assalomu aleykum, Mehmon | RSS
Asosiy | A'zo bo'lish | Kirish
Jurnalistlar sayti
Категории каталога
Dolzarb mavzu [2]
Dolzarb mavzudagi maqolalar
Ta'lim tizimiga oid maqolalar [1]
Ta'lim tizimiga oid maqolalar
Hikoyalar [2]
talabalar qalamiga mansub hikoyalar
KIRISH
Qidiruv
Друзья сайта

 

Asosiy » Статьи » TALABALARNING MAQOLALARI » Hikoyalar

Ko'zlarimiz...
Bilasizmi, bu dunyoda hech bir voqea tasodifdan bo’lmagan. Va bu dunyoda hech bir harakat yashirin bo’lib qolmagan.18 yil yashab, shu fikrga keldim.
Bir do’stim bo’lardi. Nega endi “ardi” qo’shimchasini ishlatganim bilan qiziqayotgandirsiz? Chunki, u endi dushmanim.
Men sizga so’zlamoqqa shaylangan voqea o’sha do’stimning do’stlik mansabidan to mening uchun dushmanlik mavqesiga erishishigacha sodir bo’ldi.
...Agar sizga pand berishsa, qiynalasiz, bunda ahmoq bo’lsangiz, atrofdagilarni, aqlli bo’lsangiz o’zingizni ayblaysiz. Har ikkala holatda ham o’zingizcha haqsiz. Ammo ishonchingizni oqlolmaganlar eng yaqingiz, joningiz kabi qadrli insonlaringiz bo’lib chiqsa-chi? Bu azoblar ikki, yo’q-yo’q, uch baravar ko’proq, davomli iztirobga aylanadi.
Kunlardan bir kun otam oilamizga, onamga, qolaversa, menga xiyonat qilganini bilib qoldim. Uning “u yoqda” 1 yoshdan oshgan farzandi ham bor ekan.O’zimni qayerga urishni, qaysi devorda bosh yorishni bilmasdim. Aytsam tilim, aytmasam dilim kuyadi; onamning ko’zlaridan qo’rqaman. Buni bilgan kunim uyga qaytmadim.
O’sha kuni uzun ko’chada yolg’iz, ryukzagimni qo’ltiqlab borarkanman, bu hayot naqadar shafqatsiz ekanligi, kutmaganing oylab, yillab xomilador xotindek semiraverib, to’lishaverib, bir kuni yana hech kutmaganingda tug’ib qo’yishi mumkinligini va dunyo yuzini ko’rgan bu SHARMANDAlikdan qayerga berkinishni bilmay, sarosar qolish ehtimoli hamisha yaqin ekanligini tushundim. Bir so’z bilan: dunyo ko’zimga Olaparning uyidek tor ko’rindi.
Darddoshim bo’lib tabiat ham sekin-asta yosh to’kishni boshladi . Endi ko’zlarim emas, yomg’ir yoshlari ko’ylagimni ho’l qilardi. Birdan qayerga ketyapman o’zi, degan o’y keldi miyamga. Atrofimga qaradim. Qator-qator ko’p qavatli uylar, ko’pida chiroq o’chiq.
Yo’q, faqat bittasida, mening ro’paramdagi “dom”ning ikkinchi qavatidagi uyning derazalari ochiq edi. Undan chiroyli va yosh ayol qarab turardi. Unga bir zum tikilib turdim. U “kel” degan ishora qildi. Men qimirlamay turaverdim. U ortiga o’girilib, deraza oldidan ketdi.
Men yo’lga qayrildim-u, yana o’sha bemaqsad odimlashni boshladim.Uch-to’rt qadamdan so’ng, kimdir qichqirdi.
-Shoshma, hoy qiz, to’xtab tur!-haligi ayol egniga qora yopinchiq tashlab, men tomon yugurib kelardi.-Qayoqqa ketyapsan, boradigan joying yo’qmi? -dedi yonimga kelib.
Men bosh silkidim. U qo’limdan tutganicha sudray boshladi. Qo’llari onamnikidek qaynoq va mehrli edi. Unga ergashdim.
Issiq va juda did bilan bezatilgan uy, uydan kishiga xush yoquvchi is anqirdi. Qo’limga sochiq tutdi-da, vannaga kirgazdi.Yuvinib bo’lganimdan so’ng, issiq choyni majburlab ichirdi. Divanga joy soldi. U mendan hech narsa so’ramadi va men ham hech narsa aytmadim. Yumshoq yostiqqa yonboshlar ekanman, yotoqxonadan chaqaloqning bo’giq yig’isi eshitildi. Ayol chopib xonaga kirib ketdi.
-Bo’ldi- bo’ldi, mani arslo-nim, oyisi shu yerda, ovqatiyam oyisi bilan birga...
Negadir bolasini ovutgani menga juda-juda yoqdi...
Ertalab ko’zimni ochganimda ayol bolasini emizganicha kitob o’qib o’tirardi. Negadir uning shu holatini chizgim keldi. Ryukzagimni ochib, qalamimni oldim.
-U-bu narsa yozmoqchimisan?
-Yo’q, rasmingizni chizmoqchiman.
-Voy,-dedi ayolning shaxlo ko’zlari charaqlab.-Shu holatda-ya?
-Ha.
Uni etyud sifatida qoraladim. Menimcha yomon chiqmagandi. Ayolga ko’rsatmadim. Suratni yaxshilab ishlab, ramkaga solib olib kelaman, deb dilimga tugib qo’ydim..
Unga uyidan joy bergani uchun rahmat aytdim va emaklay boshlagan “odamcha”ni borib, peshonasidan o’pib qo’ydim. Uning ko’zlari shu qadar maftunkor, ma’sum ediki... Negadir bu ko’zlar menga juda ko’p narsa aytishga qodir ekanligini ichki hissiyotim bilan bir nafas tuyib o’tdim. Lekin, hozircha ketishim kerak edi.
Ayol:
-Agar yana chorasiz qolsang, oldimga istagan vaqtingda kelaver, adamiz uzoqdalar, bitta o’zim zerikaman.
-Yaxshi,-dedim jilmayib.Zinadan tushayotganimda ayol, ismingni aytmading-ku, deb qoldi. Men “o’rtoqlarim Merilin deyishadi” dedim kulib. Ayol ham kuldi. Uning ismi Jahonoy ekan.
Maktabga kech qolgandim. Uyga borishga yuragim betlamasdi. Onamga ko’zim tushishidan va ularga bor gapni aytib qo’yishdan qo’rqardim.Ammo bunday sarosar kezib yurishdan ham hech bir naf yo’q edi. Yo’l-yo’lakay 2 ta shirin kulcha bilan nonushta qildim va o’ylay-o’ylay otamning ishxonasiga borib, u bilan gaplashaman, degan fikrga keldim.
Kechasi bilan yomg’ir yog’ib chiqqani uchun namxush, g’oyat bir latif hid dimog’imga urilardi. Bularning hammasi otam va onamning yomg’irda topishishgani, xuddi shunday kunda to’ylari bo’lgani va mening ham yomg’ir sharros quygan tunda tug’lganimni eslatardi. Ajib tasodif, deb o’yladim. Topishdi, birlashdi, ajralishdi. Yomg’ir yoqqan kunda.
Otamning xonasiga har doimgidek urho-ur qilib kirganim yo’q, kinoya qilish uchunmi, yoki o’sha vaqtdagi unga bo’lgan nafratimni ko’rsatish uchunmi, kotiba qizdan kirishimga ruxsat olib berishini so’radim.
Uning ajablanib, kirar ekansiz, deb labini uchirganiga javoban istehzomuz kuldim.
Dadam kabinetida xushhol, bemalol va har doimgidek savlat to’kib o’tirardi.
-Qachondan beri eshigimni taqillatib kirishni o’rgandingiz, ona qizim?!
-Dada,-negadir uning ko’zlariga tikilishdan to’ymasdim.-Siz kechalari uyga kelmaslikni o’rganganingizdan beri...
-Bu nima deganing?-otam nima deganimni yaxshi tushunib tursa ham, mendan bu gapni kutmagani aniq edi.-Bu nima yuzsizlik?
-Mening ukam ham bormishmi? Otini nima qo’ydiz? Menikiga qofiyadosh bo’lmasin ishqilib.
-Mehribonu! Uyat bormi senda?-Uning chiroyli, faqat mening dadamda topiladigan mehr bilan boquvchi ko’zlari xunuklashib ketgandi.
-Siz onamga qaraganingizda his qilasizmi o’sha uyatni?
-Qachondan beri men bilan bunaqa..
-Siz menga, onamga xiyonat qilganingizdan beri. Dada uyimizga kelmang boshqa...
Chiqib ketdim, eshik yopildi, kotiba qiz shoshib ichkariga kirib ketdi. Ortimga bir qayrilib, “dadamning yuragi..., yo’q, u hali baquvvat”, dedim-u ortga qaytmadim...
Kunlar o’taverdi, otajon uydan men o’ylagandek chiqib ketmadilar. Men esa yolg’on hidi aralashgan havodan nafas ololmadim, onajonimga yo’l charchatayapti, degan bahona bilan maktab yotoqxonasiga ko’chmoqchi ekanimni aytdim. Ular ijodimni va xohishimni inobatga olib, bazo’r ruxsat berdilar. Otamning fikrini esa menga aslo qizig’i yo’q edi.
O’zim yotoqxonada yashasam-da, deyarli har kuni Jahonoyning uyiga qatnardim. Ismi Arslonbek bo’lgan qorako’z bolasi bilan o’ynardim. Jahonoy bilan uzundan-uzoq suhbatlashardim, unga otamning xiyonatidan tashqari hamma-hamma sirlarim-u dardlarimni to’kib solardim. Birinchi besh bahoni qanday olganimni, birinchi ikki baho uchun necha kun yig’laganimni, birinchi asarimni otamga qanchaga pullaganim, xullas, xotiram burchida qolgan barcha voqealarning ikir-chikirlargacha so’zlab berardim.
Bir kuni sumkamdan 12 ga buklangan xat topib oldim. Uni ochmasdan Jahonoyning oldiga olib keldim. U bilan birga o’qidik. Bu men olgan birinchi sevgi maktubi edi.Unda ko’zlarim juda-juda go’zal ekanligi va bu ko’zlar unga juda-juda kerakligi yozilgan edi. Jahonoy ham, seni birinchi marta ko’rganimda, ko’zlaringni yaxshi ko’rib qolgandim, dedi. Oradan bir hafta o’tgach, meni uchrashuvga taklif qilishdi. Dugonam kabi qadrdon, onam kabi mehribon bu jodu ko’zli ayol meni deyarli malikaga aylantirib uchrashuvga jo’natdi.
Men xursand edim, otam yaralagan yuragim qayta jonlangandek, xuddi u ko’ksimda emas, bo’g’zimda urayotgandek edi. Bu birinchi muhabbatim edi mening.
O’zimda yo’q, shod yurgan kunlarimning birida onam o’zgarganimni, negadir oldingidek tushkun emas, hamisha bahor bo’lib yurganimni aytib qoldi. Men onajonga to’lib-toshib ichki hayajonimdan, bunga sabab bo’lgan insondan so’z ochdim. Onam esa... meni yuzsizlikda, uyidan aldab chiqib, yetmaganiga kim bilandir yetaklashib yurganimni, uyalmasdan shularni o’z onamga gapirib berayotganimdan dahshatga tushdi, o’sha zahotiyoq uyga qaytishga majbur qildi.
Otam hech narsa deyolmadi, u nima deyishini ham bilmasdi, chamamda. Meni onamning talabi bilan yotoqxonaga qo’yishmadi, uyga qaytdim. Endi e’tiborli odamning qizi sifatida har kuni nazorat ostida edim. Hatto, Jahonoyning oldiga borish ham orzuga aylangandi. U bilan tez-tez qo’ng’iroqlashib turardim. U menga onamdan ham yaqinga aylangandi, u menga hamma masalada yordam berardi, qo’llab-quvvatlardi, kulsam-kulib, hafa bo’lsam-tashvishga tushardi. U suyukligim bilan uchrashishim uchun turli yo’llarni o’rgatardi, onam bilan qanday til topishishni, o’zimni qanday tutishim-u, bugun qanday ko’ylak kiyishimgacha aniqlab berardi. Jahonoy chindan ham hech ajralmas dugonam edi.
Go’zal 17 yoshim ana shunday o’tardi. Kun ketida tun, tun etagida kun deganlaridek, oradan bir yilga yaqin vaqt o’tdi. Yangi Yil bayrami yaqinlashardi. Yaqinlarimga yangi yil sovg’alarini tayyorladim. Eng avval Jahonoyga, keyin do’stimga, onamga va otamga atab sovg’a oldim. Otam bilan munosabatlarimiz ancha iliqlashgan, ammo hali ham ba’zida tunlari uyga kelmasdilar. Onam esa hech narsadan xabari yo’q, “charchab keladigan otajon” uchun hamma sharoitni tayyorlab uyda o’tirardilar.
Yangi yil kuni. Kuni bilan onam ikkimiz dasturxon tuzadik. Mehmonlar birin-ketin kelib ketishdi. Soat 12 ga yaqin stol atrofida otam, onam va men qoldik. Ularning har biriga sovg’amni berib, tilaklar bildirdim. Otam ham, onam ham xursand, men ham cheksiz quvonchda edim. Shu vaqt otamning qo’l telefoni jiringlab qoldi, gaplashib bo’lgach, “Oshnalar chaqirishyapti, meni kutishayotgan ekan” deb, yangi yilni biz bilan kuta olmasliklari uchun uzr so’radilar.
Otam ketgach, onam ikkimiz bir-birimizga termulib qoldik. Onajonim, men yotaman, sen qo’shni dugonalaringni chaqira qol, dedilar. Men, yaxshisi, ularnikiga chiqa qolay, tez qaytaman, deb ruxsat oldim.
Oyog’imni qo’limga olib ko’chaga chopdim. Bu safar yangi yil kuni hamma kutganidek qor emas, erinmay yomg’ir shivalayotgan edi. Suyukligimga qo’ng’iroq qildim, u tezda yetib keldi. Bir-birimiz bilan sovg’alarimizni almashdik, bayram bilan bir-birimizni tabrikladik.U sayrga taklif qildi. U bilan yonma-yon butkul baxtdan sarmast edim. Xuddi shu holatimni Jahonoy ko’rishini, quvonchimni u bilan bo’lishgim kelardi.
Uning qo’lidan tutib, Jahonoyning uyi tomon boshladim. Bir-birimizni quvib,kim o’zarga chopib, uyining eshigiga ham yetib keldik.Men qo’ng’iroqni chaldim. Do’stim ortimda sochimni tortqilardi. Eshik ochildi. Jahonoy ikkimizni birga ko’rib, sevinib ketdi. Ikkimizning qo’limizdan tutib, yuringlar meniyam Romeoim keldi, deb mehmonxonaga olib kirdi.
Romeo esa...otam... Arslonbekni o’ynatib o’tirardi.Arslonbekning chiroyli ko’zlari...
Va nihoyat, Arslonbekning ko’zlari kimnikiga o’xshashini topdim, bu ko’zlar mening ko’zim, aniqrog’i, mening otamning ko’zlari edi...
Категория: Hikoyalar | Добавил: AZiza (17.05.2007) | Автор: AZiza Xalil
Просмотров: 2025 | Комментарии: 2 | Рейтинг: 5.0/4 |
Всего комментариев: 2
2 Erpolat  
0
ozgina rasm qo'shsangiz mqsadga muvofiq bo'lar edi!

1 John_SPb  
0
Круто!!

Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ A'zo bo'lish | Kirish ]
Sayt bo'limlari
So'rovnoma

Jurnalist bo'lish uchun jurnalistika fakultetida o'ish shartmi?

Barcha ovozlar: 56
Statistika

Onlaynda: 1
Mehmonlar: 1
Foydalanuvchilar: 0

Erpolat Utepbergenov © 2024 |