Payshanba, 28.03.2024, 14:37
Assalomu aleykum, Mehmon | RSS
Asosiy | A'zo bo'lish | Kirish
Jurnalistlar sayti
Категории каталога
Dolzarb mavzu [2]
Dolzarb mavzudagi maqolalar
Ta'lim tizimiga oid maqolalar [1]
Ta'lim tizimiga oid maqolalar
Hikoyalar [2]
talabalar qalamiga mansub hikoyalar
KIRISH
Qidiruv
Друзья сайта

 

Asosiy » Статьи » TALABALARNING MAQOLALARI » Ta'lim tizimiga oid maqolalar

Fakultetim hayotidan bir parcha
Guruhimiz a’zolari tomonidan bir ovozdan saylangan “Xalqaro jurnalist” gazetasining bu galgi bosh muharriri menga “Oliy ta’lim sohasida kadrlar yetishmovchiligi” mavzusida muammoli maqola yozishimni buyurdi. To`g`risi aynan mendan so`ralgan sohadagi muammolar bilan unchalik tanish emasman. Qancha urinmay, yozolmasligimni tushunishimga ko`p vaqt kerak bo`lgani yo`q. Men aslida hamma ko`rib turgan, lekin ularga ko`pchilk ham e’tiborini qaratmaydigan, vaqti kelib katta masalalardan biriga (salbiy jihatdan) aylanishi mumkin bo`lgan hodisalar haqida yozgim kelgandi. Qaysarligim tutib, mana maqolani boshlab ham yubordim. 
O`zimni tanishtirsam. Respublikamizdagi “prestijniy” ta’lim dargohlaridan birida o`qiyman! Fakultetimizda talabalar ikki guruhga bo`linishadi. Birinchisi, “ikki kemaning boshini tutishga” harakat qilayotgan yuzlab talabalar. Men ham ulardan biriman! O`qishim yaxshi! Ishim undan ham yaxshi! O`quv yili davomida deyarli qiynalmayman. (Yil davomida ikki marta bo`ladigan sessiya “deyarli” so`zini ishlatishga majbur qiladi) Endi o`zingiz tushunasiz, ba’zi hollarda darsga kirmasdan ishga borishga to`g`ri keladi. Dekanatdagi daftarchaga, domlaning jurnaliga “NB” tushadi. Mana shundan so`ng aslida hammasi boshlanadi. Sessiyada bizning “NB”lar soni nechtaligiga qarab baho qo`yiladi. Fanni yaxshi bilishingiz, darsda o`tilgan mavzularni ozingizning tajribangizda sinab ko`rganingiz ahamiyatsiz. “Darsda bo`lmagan bo`lsangiz, fanni qanday qilib o`zlashtirishingiz mumkin?”-deyishadi-da, zachyotkaga 72ga hech ham yetolmaydigan 3 yoki xursand qilib 72 bilan qaltiragan 4 baho qo`yishadi. 
Endi sizlarga dugonamni tanishtirsam. U fakultetdagi talabalarning ikkinchi, ya’ni “tankalar” guruhiga “a’zo bo`lgan”. Kimsan Falonchi Pismadonchiyevning qizi! U hech qayerda ishlamaydi. Ishlashning nima keragi bor, hali ish uchun vaqtim ko`p bo`ladi deydi. Aslida darsga nima uchun kelib ketayotganini o`zi ham bilmasa kerak deb o`ylab qolaman. Ertalab keladi, ma’ruzalarda hamma kabi konspektlarni to`liq yozadi. Lekin shu yozgan narsasini seminar darslarda qani edi gapirib bera olsa. Seminarda “baliqqa” aylanadi, qoladi. Eh, dugonajon, nima uchun o`qiyapsan axir degan savolimga, qisqa va lo`nda qilib, “Uyimda hamma institutni tamomlagan, men o`qimasam uyat bo`ladi” deydi. Tavba… ko`chadagilardan, uyidagilardan uyalarmish… lekin uning o`rnida bo`lishi mumkin bo`lgan, u sababli o`qishga kirolmagan, vaqti kelib o`z sohasining yaxshi mutaxassisi bo`lishi mumkin bo`lgan o`z tengdoshidan-chi uyalmaydimi? “Hali ishlayman-mi yo`qmi, turmushga chiqsam, “diplom”ni ham yozdirarman”…!!! Bu gaplarga qanday qilib bardosh berish mumkin…. Lekin shunga qaramay, u hammadan yaxshi baho oladi va bu narsa hech kimni hayratlantirmaydi. U hamma darslarga kelgan, “NB”si umuman yo`q! domlani va uning darsini judayam hurmat qilgani uchun bu “baliq xonimchaga” 90 bilan 5 qo`yishadi. Agar qo`ymasa… Yog`e jumlani noto`g`ri yozdim. Qo`ymayman desa ham, baribir qo`yib beradi. Chunki ayni sessiya mahali dekanatning telefoni jiringlayverib, qo`ng`iroqqqa javob berayotgan qizlar esa dekanni chaqiraverib charchagan bo`ladi. Shundan so`ng, domlalarning boshi qotadi… bu bor bo`lgur vedomostni kim chiqaribdi-a?! haqqoniylikni kuchaytiraman deb, aldashni kuchaytirib yuborishmadimikin? Endi Falonchi Pismadonchiyevning naq o`zi telefon qildi-ya, iltimosini yerda qoldirsa yaxshi bo`lmas, mayli o`zgartirsak o`zgartira qolamiz… 
Mana shunaqa gaplar. Fakultetimizning talabalari bilan tanishib ham oldingiz. Bunday talabalardan har bir o`quv yurtida bor deb qo`rqmay yoza olaman. Chunki bir domlamizning gapi bor: “- Talaba zoti bor ekanki, ularning bari bir xil bo`ladi”!!! naqadar purma’no gap! 
Muharririm talab qilgan, o`sha mavzuning bosh nuqtasi mani shu yerda boshlanadi. Nima uchun o`z sohasining yetuk mutaxassisi bo`lgan kadrlar yetishmayapti degan savolga javobni topish uchun ko`p boshqotirish shart emas!
Bugun darsga kelgandim, kursdoshlarim fakultetimizdagi kichkinagina oshxonaga yuguryapti. Quvonib ketdi, kelinoyi (oshxona egasi) yangi taom pishiribdilarmi deb. O`sha dugonamni to`xtatib so`rasam, daftar olgani ketayotgan ekan. Demak, yozma ish bo`ladi. Men sizga hikoya qilgan voqealar yana boshlanadi… Afsus…  
Dilnoza Toshkandiy




Источник: http://jurnalist.ucoz.net
Категория: Ta'lim tizimiga oid maqolalar | Добавил: Dilnoz (24.04.2009) | Автор: Dilnoza Toshkandiy
Просмотров: 1433 | Рейтинг: 5.0/3 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ A'zo bo'lish | Kirish ]
Sayt bo'limlari
So'rovnoma

Qayerda ishlashni xohlar edingiz?

Barcha ovozlar: 85
Statistika

Onlaynda: 1
Mehmonlar: 1
Foydalanuvchilar: 0

Erpolat Utepbergenov © 2024 |