Mamlakatimizga tashrif buyurgan Chexiya Respublikasi tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Yaroslav Bashta rahbarligidagi delegatsiya a’zolari 4 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida muzokara o‘tkazdi. Uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalardagi aloqalar o‘zaro manfaatdorlik asosida izchil rivojlanib borayotgani, bunda O‘zbekiston va Chexiya davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 1997 yili rasmiy tashrif bilan Chexiya Respublikasida bo‘lgan edi. 2004 yilda esa Chexiya Respublikasi Prezidenti Vatslav Klaus O‘zbekistonga keldi. Ushbu sammitlarda qator sohalarda o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga yo‘naltirilgan hujjatlar imzolangan, jumladan, tashqi siyosat mahkamalarining muntazam maslahatlashuvlarini yo‘lga qo‘yishga kelishib olingan edi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida o‘tgan muzokarada O‘zbekiston-Chexiya munosabatlarining bugungi ahvoli va istiqboliga oid, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi. Chexiya delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasida ham muzokaralar o‘tkazdi. O'zA
|